Sherzod Komil Khalil
Publitsistik ocherk, yoki esse, roman emas.
Keyingi paytlarda "roman" deb e'lon qilinayotgan ayrim "asar"larga nazar tashlaydigan bo`lsak, ularda chin ma'nodagi romanga xos zalvor va salmoqni ko`rayotganimiz yo`q. Albatta bu kabi muammo echimini topishda, qator konstruktiv sabablarni keltirib o`tish mumkin: yozuvchi iqtidorini etishmasligi, voqeylikka yuzaki yondashuv, adabiy traditsiyalardan bexabarlik, nimani va qanday yozishni bilmaslik va hokozo-hokozolar shular jumlasidandir. Balki adabiyotga endigina atak-chechak qilib kirib kelayotgan ayrim yosh ijodkorlarga nisbatan, ularning hali qiyomiga etmagan tizmalariga nisbatan yuqoridagi ekskursiv tanqidiy fikrlar bildirilsa to`grirok bo`lar, biroq xalq tanigan, hurmat qilgan ijodkor asarlarining saviyasi shunday "ibtidoiy" darajada bo`lsa, buni qanday kabul kilish kerak?! Men yaqinda O`zbekiston xalq shoiri Shukrulloning "Tirik ruhlar" "roman"ini o`qib shunday xulosaga keldim. Bu asar birinchi o`zbek advokati Ubaydullo Asadullaevich Xo`jaev haqida, uning ko`rgan va kechgan kechirmishlari haqida. Shukrullo iborasi bilan aytganda, "Tirik ruhlar romani o`zi tugilgan yurtga ham, yorga ham, onaga ham, xalqiga ham bo`lgan muhabbatini birday tushungan va har qanday dahshatli azob-uqubatlar va tutqunlikda ham , o`lim oldida ham shunday e'tiqod bilan yashagan, butun umrini shunga bagishlangan buyuk siymo hakida yozilgan asar"!dir. Biroq ishontirib aytishim mumkinki, yozuvchining yozmishlari nafaqat qurilish jihatidan, balki mazmunan ham epik ko`lam kasb eta olmagan. Asarda yozuvchi voqeylikni shunchaki aks ettirish bilan mashgul bo`lib qolgan, uning ich-ichiga, tub mohiyatiga kirib bora olmagan. Men ikki yuzdan oshiq roman o`qigan bo`lsam, yozuvchining xudbinona nigohi bunchalik ko`p aralashgan boshqa bir asarni bilmayman. Albatta bu bilan men yozuvchining asar kompozitsiyasiga aralashuvini inkor etmoqchi emasman, biroq shuni tan olmoq kerakki, bu "aralashuv" obrazlar xarakteriga singdirib yuborilsa, kitobxon yozuvchi nigohini deyarli payqamasa, o`ylaymanki, bunday asarning o`qimishliligi faqat va faqat ortadi. Biroq "Tirik ruhlar", "roman"ida bunday mahorat ko`lankalari deyarli soya ko`rsatmagan. To`gri yozuvchi "roman"ni tarixiy hujjatlar asosida yozgan, biroq asar sahnalarini badiiy sayqallashtirishga kelganda, kahramon(balki obraz deyilsa to`griroq bo`lar)lar va xarakterlar masalasini ochishda, turli oqsoqliklarni ko`ramizki, bu asar saviyasiga putur etkazibgina qolmay, yozuvchi mehnatining (axir asar olti yil(1992-1998y) mobaynida yozilgan-a) zahmati havoga sovrilganligini ko`rsatadi. So`zimning isboti o`laroq, konkret faktlarga o`tib qo`ya qolaman. Yozuvchi asarni, "yoz kunlaridan birida kutilmagan daxshat boshlanganligi" bilan boshlaydi. Tasavvur qiling, "jazirama saraton birdaniga qahraton qishga aylandi". Bechora sinoptiklar cho`chib tushishi turgan gap. Avvalo yomgir yogdi, so`ng to`zon aralash bo`ron boshlanib do`lga aylandi, do`l qorga aylandi, hech qancha vaqt o`tmay, "saraton issigi, xuddi hammom eshigi ochilgandek, gup etib yana yuzlarga urildi. ...Bu bir nafaslik!.. Tasodif! "Bir kunlik algov-dalgov!.."- bunday primitiv yolgonga kim ishonadi. Yozuvchining o`zi ishonmasa yana bilmadim. Yozuvchi voqeylikka ko`charkan, shunday saraton kunlaridan birida Ubaydullo Xo`jaevni qamoqqa olinganligini e'lon qiladi. Bu xabarni eshitgan Asadulla Maxsum (Ubaydullo Xo`jaevni otasi) uyidagina emas, qarindosh-uruglarining uyida ham qiy-chuv ko`tariladi. Yozuvchi bu yigi-sigini Asadullo Maxsumning bojasi, dardkash do`sti Yusufxo`ja qorining xotini Zaynabxonni yigisidan boshlaydi. "Yusufxo`ja qori xotini Zaynabxonni tinchitishga qanchalik urinmasin, faryod ko`tardi:-Ukamning qaysi gunohiga bunchalik! Sho`rimiz qursin! Ey Parvardigor!"- bo`ldi shu bilan u hushidan ketadi va yozuvchi Yusufxuja qorining xotini Zaynabxonga muborak nigohini boshqa qaratmaydi. Buning o`rniga Ubaydulloning onasini nimalar deb yiglaganini aytib bera boshlaydi. E'tibor bering-a, yozuvchi voqeylikni aytib berishga qiziqadi. Yozuvchining bu kabi bayonchiligi etmaganidek, Ubaydulloning onasining yigisini sharhlashga tushib ketgani qiziq. Go`yo bu yigi, Shukrullo nazdida, " 24 yoshida qamalib, sovuk Sibirlarda o`lib ketgan buyuk iste'dod egasi-Usmon Nosir onasining faryodi" ekani, "xalq dushmanlari sanalib otilgan Abdullo Qodiriy. Abdul Qamid Cho`lponlar... sho`rlik on
alarining faryodlari" ekani-yu, "millat uchun, mustaqillik uchun jonlarini fido qilgan buyuk arboblar-Akmal Ikromov, Fayzullo Xo`jaevlar... onalarining ohu-faryodlari" ekanligigacha e'tibordan chetda qolmaydi. Bunday jarayonlarda yozuvchi, publitsistik esse yoki ocherk emas, balki "roman" yozayotganligini unutib qo`ygan ko`rinadi. Yozuvchi advokat Ubaydullo Xo`jaevni qilgan ishlarini quruq, nomma-nom sanab o`tib ketaveradi. Buyuk rus adibi Lev Tolstoyning "yovuzlikka qarshilik ko`rsatmaslik" haqidagi dunyo qarashiga advokat U. Xo`jaevning yondashuvi, uning Tolstoy bilan maktub yozishganligi (yozuvchi tomonidan U.Xo`jaev va L.Tolstoy maktubi keltirib o`tilgan), ingliz yozuvchisi Kiplingning "Maugli" asarini tarjima qilishi va hakozo-hakozo ishlari "roman"da axborot sifatida keltirib o`tiladi. Yana qaytarib aytamanki bu faktlar xarakter masalasini ochish uchun emas, faqat axborot uchun keltirilgan. Yozuvchi o`sha jarayonni qahramon nuqtai nazaridan ochib berishdan ko`ra, o`zi aytib berishni afzal ko`rgan. Shukrullo o`zini Ubaydullo Xo`jaevga jiyanligini pisanda qilarkan, biz faqat yangi bir axborotga ega bo`lamiz. U.Xo`jaevning badiiy salobati va boshqa obrazlar xarakteri ochilmay qolaveradi. "Roman" boshdan oyoq shunday bema'ni tizimda qurilganki, unda umuman konflikt degan narsani uchratmaysan. Konflikt degan bu "jonivor" hattoki Iosif Stalin va U.Xo`jaev uchrashuvida ham hech qursa bir bor o`zining ojiz qiyofasini ko`rsatmaydi. Nazarimda yozuvchi, voqeylik jarayonida xarakter yaratish masalasini hali tushunib etmagan ko`rinadi. Asarning tili, o`ta quruq, publitsistik til. Yozuvchi bunday sayoz qiyofasini berkitish uchun "roman"da qator rivoyat va she'rlar(ayniqsa o`z she'rlaridan, axir u O`zbekiston xalq shoiri)keltiradi. Biroq bunday rivoyat va she'rlar asar barkamolligini boyitishga xizmat qilmaydi, balki, kitobxon ensasini qotiradi xolos. Yozuvchi U.Xo`jaevlar oilasini uluglashga shunchalik berilib ketganki, mubolagadan yoqangni ushlaysan. Balki bu Shukrulloning o`zbekning birinchi advokatiga jiyanligi uchundir. Yozuvchi yozadi: "Toshkent shahrida boshqa bunchalik o`z xalqi, o`z millatiga butun hayotini tikkan, bilimdon, madaniy kishilar oilasini topolmaysiz. Bu oilaning boshi-mudarris Asadulla Maxsum bo`lsa, undan keyin o`gillari-Ubaydullaxon, Bashrillaxon,Sunnatillaxonlar!" Bunday bahsli "aforizm"larni asarda ko`plab uchratish mumkin. Umuman olganda, bunday joiz-nojoiz axborotlar silsilasi bo`lgan "roman"dan istagancha xato va kamchiliklar topish mumkin. Biroq bu bilan muammo echilib qolmaydi, albatta. So`ngso`z o`rnida shuni aytish mumkinni, yozuvchi ushbu asarni "roman" emas, konstruktiv jihatdan qayta ko`rib chiqib publitsistik ocherk yoki esse deb atasa to`grirog bo`lardi. Zero, roman yukini olishi uchun "Tirik ruhlar" (ruhni tirik yoki o`likka ajratishning o`zi ajablanarli)ni umuman qaytadan yozib chiqish zarur bo`ladi. Buning uchun yozuvchi, buyuk nasrnavis Muxtor Avezov ta'kidlaganidek, "voqeylikni aks ettirish bilan cheklanmay, unga kirib borishi kerak."
(Maqola ko`chirib bosilganda muallif va uning sayti ko`rsatilishi shart.)